Markaziy Osiyoda suv — barchasini belgilab beruvchi omil. Suv omborlari, kanallar va daryolar doimiy boshqaruv ostida, biroq ularni boshqarishga asos bo'ladigan ma'lumotlar odatda kech yetib keladi: sanoqli nuqtalardan olingan namunalar, ko'pincha hodisadan bir necha hafta o'tibgina qaror qabul qiluvchi qo'lida bo'ladi.
Masofadan zondlash jarayonni tezlashtirishi mumkin. Sun'iy yo'ldosh har necha kunda bir xil suv havzasi ustidan o'tadi va uning yorug'likni turli to'lqin uzunliklarida qanday qaytarishini qayd etadi. Shu signaldan suv sifati ko'rsatkichlarini — kimdir namuna olgan nuqtadagina emas, balki butun suv yuzasi bo'ylab — hisoblab chiqish mumkin.
Bu maqolada "Link Data" tomonidan alohida-alohida chop etilgan beshta tadqiqot bir joyga jamlangan: ma'lumot qanday yig'iladi, umumiy metodologiya qanday ishlaydi, beshta indeks qanday hisoblanadi va bu usulning kamichliklari nimada.
Nima uchun masofadan zondlash?
An'anaviy laboratoriya tahlili aniq, lekin u bir nuqtaga va bir vaqtga bog'langan. Orol dengizi, Chorvoq yoki To'xtag'ul kabi yirik havzalarni shu usulda muntazam qamrab olish amalda imkonsiz: qayiq, ekspeditsiya va laboratoriya vaqti qimmatga tushadi.
Sun'iy yo'ldosh esa butun akvatoriyani bir kadrda oladi va buni yillar davomida bir xil uslubda takrorlaydi. Natijada bitta xarita emas, vaqt qatorlari (ing. Time Series) paydo bo'ladi — aynan shu narsa monitoringni boshqaruv quroliga aylantiradi: suv gullashini tasdiqlash emas, balki uning boshlanishini oldindan payqash imkonini beradi.
Ma'lumot qanday yig'iladi
Barcha hisob-kitoblar asosida Sentinel-2 (Yevropa kosmik agentligi) sun'iy yo'ldoshi yotadi.
- Konstellyatsiya: Sentinel-2A va Sentinel-2B juftligi; ekvatorda takroriy tasvir olish chastotasi — 5 kun.
- Sensor: MSI (MultiSpectral Instrument) — ko'p kanalli optik sensor.
- Fazoviy aniqlik: ko'rinuvchi va yaqin infraqizil kanallar uchun 10 m, "red edge" va qisqa to'lqinli infraqizil uchun 20 m, atmosfera korreksiyasi va bulut aniqlash uchun 60 m.
- Qamrov: har bir fayl 100 km × 100 km hududni qamrab oladi, MGRS to'ridagi kataklar bo'yicha tashkil etilgan.
- Arxiv: platformamizda xlorofill uchun ma'lumot 2019-01-01 dan, CDOM uchun esa 2017-03-28 dan boshlab mavjud.
Muqobil manbalar sifatida Sentinel-3 (OLCI sensori), Landsat 8/9 va MODIS (Aqua/Terra) ham ishlatilishi mumkin, biroq ularning fazoviy aniqligi ichki suv havzalari uchun ko'pincha yetarli emas.

Tasvirdan indeksgacha
Sun'iy yo'ldosh "suv sifatini" o'lchamaydi. U faqat qaytgan nurni qayd etadi. Ishning asosiy qismi — shu qaytish koeffitsientini limnologlar uchun ma'noli kattaliklarga aylantirish. Quyidagi to'rt bosqich beshta indeks uchun ham bir xil.
Atmosfera korreksiyasi
Sensorga yetib kelgan signalning katta qismi umuman suvga tegmagan — u atmosferada tarqalgan nur. Shu sababli atmosfera korreksiyasi ichki suvlarni masofadan zondlashdagi eng katta xatolik manbai hisoblanadi.
Buni ochiq aytish kerak: Sentinel'ning standart Sen2Cor korreksiyasi quruqlik uchun mo'ljallangan va suv yuzasi uchun optimal emas. Shuning uchun natijalar mutlaq qiymat sifatida emas, balki nisbiy va vaqt bo'yicha taqqoslanadigan ko'rsatkich sifatida talqin qilinishi lozim.
Suvni ajratish (NDWI)
Hisob faqat suv pikselida ma'noga ega. Buning uchun NDWI (Normalized Difference Water Index) ishlatiladi: NDWI < 0 bo'lgan piksellar suv emas deb belgilanadi va tahlildan chiqariladi (xaritada ular tabiiy ranglarda ko'rsatiladi). Ushbu indeks o'zbek tiliga Normallashtirilgan farq suv indeksi deb tarjima qilinishi mumkin.
Bulut niqobi (SCL)
Optik sensor bulut ortidagi suvni ko'rmaydi. Sentinel-2 ning Scene Classification Map (SCL) qatlamidan foydalanib, 1, 3, 8, 9, 10, 11 sinflari — bulut, bulut soyasi, qor va shu kabilar — niqoblanadi. Bu bulutli piksellar ulushi yuqori bo'lgan tasvirlarni vaqt qatoridan chiqarib tashlash imkonini beradi.
Mediana
Tanlangan vaqt oralig'ida bir necha marta tasvir olinadi. Har bir piksel uchun mediana qiymat hisoblanadi — ya'ni eng kichikdan eng kattaga usulida tartiblangan ma'lumotlarning aynan o'rtasidagi qiymat.
Mediana o'rtacha arifmetikdan afzal, chunki u keskin chetlanishlar va ayrim pikseldagi xato natijalar ta'sirini sezilarli kamaytiradi — qolib ketgan bulut yoki quyosh yaltirashi butun natijani buzib yubormaydi.
Beshta indeks
Quyidagi formulalarning barchasi Sentinel-2 kanallari bilan ishlaydi. Kanallar: B02 — ko'k (~490 nm), B03 — yashil (~560 nm), B04 — qizil (~665 nm), B05 — "red edge 1" (~704 nm), B07 — "red edge 3" (~783 nm). "Edge"ni chegara deb tarjima qilsak bo'ladi, ya'ni qizil chiziq chegarasi yoki chekka qizil.
Xlorofill-a
Xlorofill-a — suvda o'sadigan fitoplankton va ba'zi suv o'simliklari tarkibidagi asosiy pigment. U fotosintezda ishtirok etib, quyosh nurini kimyoviy energiyaga aylantiradi va kislorod ajratadi. Spektrning qizil va ko'k sohalarida yorug'likni kuchli yutgani uchun uni masofadan aniqlash mumkin.
Uning konsentratsiyasi suv tozaligi, ozuqa moddalari bilan boyishi va biologik faollikning asosiy ko'rsatkichi sifatida xizmat qiladi. Darajaning ko'tarilishi evtrofikatsiya, zararli suv gullashi, kislorod tanqisligi va sog'liq uchun xavf haqida signal beradi.

Grafikda ko'rinib turibdiki, xlorofill A ko'k (~430 nm) va qizil (~665 nm) sohalarda yorug'likni kuchli yutadi, yashil sohada esa qaytaradi — aynan shu farq masofaviy aniqlash uchun asos bo'ladi.
MAGO platformasida uchta formula mavjud:
| Formula | Ifoda | Qo'llanilishi |
|---|---|---|
| NDCI (Mishra, 2012) | 14.039 + 86.11·N + 194.325·N², bunda N = (B05−B04)/(B05+B04) |
Eng keng tarqalgan, universal |
| Yuqori qiymatlar (Soria-Perpinyà, 2021) | 19.866 · (B05/B04)^2.3051 |
>5 mg/m³ uchun aniqroq |
| Past qiymatlar (Soria-Perpinyà, 2021) | 10^(−2.4792 · log10(max(B03,B02)/B03) − 0.0389) |
<5 mg/m³ uchun |
Platformamizda yuqori qiymatlar formulasi asosiy sifatida ishlatiladi: u O'rta yer dengizi havzasidagi 144 ta suv havzasida sinovdan o'tkazilgan va mintaqamiz sharoitida ishonchli natija beradi. O'lchov birligi — mg/m³.
| Qiymat (mg/m³) | Baho | Talqin |
|---|---|---|
| < 5 | Yaxshi | Fitoplankton kam, ekotizim sog'lom |
| 5–20 | O'rtacha | Suv o'tlarining normal o'sishi |
| > 20 | Yomon | Evtrofikatsiya yoki zararli suv gullashi belgisi |
Mintaqamizda kuzatilgan qiymatlar odatda 30 mg/m³ dan oshmaydi.

Sianobakteriyalar (fikosiyanin)
Sianobakteriyalar yoki ko'k-yashil suv o'tlari — fotosintez qila oladigan mikroskopik organizmlar bo'lib, tabiiy suv havzalarida ham, sun'iy suv omborlarida ham keng tarqalgan.
Suv gullashi — suv havzasidagi suv o'tlari soni va biomassasining keskin ko'payib ketishi. Bunda suv rangi va hidi o'zgaradi, kislorod kamayadi hamda zaharli moddalar — masalan, mikrosistin — ajralib chiqishi mumkin. Aynan shu toksinlar sababli sianobakteriyalar oddiy suv o'tlaridan alohida kuzatiladi.

Ularni bevosita sanash imkonsiz, shuning uchun proksi ishlatiladi. Proksi — biror miqdorni bevosita o'lchashning iloji bo'lmaganda uni bilvosita baholovchi vakil ko'rsatkich. Bu yerda proksi vazifasini fikosiyanin — sianobakteriyalarning aksariyat turlariga xos ko'k pigment — bajaradi.

| Formula | Ifoda | Birlik | Diapazon / aniqlik |
|---|---|---|---|
| Potes va b., 2018 | 115530.31 · ((B03·B04)/B02)^2.38 |
hujayra/mL | 0.1–283.0 ×10³; R² keltirilmagan |
| Soria-Perpinyà, 2021 | 21.554 · (B05/B04)^3.47941 |
mg/m³ | 0.13–1040; R² = 0.79, n = 138 |
Birinchi formula ichki chuchuk suv havzalari uchun ishlab chiqilgan va taxminiy baho beradi. Ikkinchisi O'rta yer dengizi havzasidagi suv omborlarida validatsiya qilingan va kengroq diapazonni qamrab oladi.
Loyqalik (NTU)
NTU (Nephelometric Turbidity Unit) — suvdagi loyqalikni ifodalovchi o'lchov birligi. U nefelometr yordamida, ya'ni yorug'likning muallaq zarrachalardan tarqalish burchagini o'lchash orqali aniqlanadi.
Loyqalik manbalari tabiiy (daryo oqimi keltirgan tuproq va qum, suv o'simliklarining parchalanishi) va antropogen (sanoat oqavalari, qurilish ishlari, qirg'oq qazishmalari, qishloq xo'jaligidagi eroziya) bo'lishi mumkin.
Yuqori loyqalikning oqibatlari:
- Yorug'lik attenuatsiyasi — nur pastgi suv qatlamlariga yetib bormaydi, fotosintez sekinlashadi.
- Ichimlik suvi sifati — tozalash xarajatlari ortadi, dezinfeksiya samarasi pasayadi.
- Baliqlar va suv jonivorlari — zarrachalar jabra filtrlarini tiqib qo'yadi, kasallik tarqalishi xavfi ortadi.
- Rekreatsion va estetik qiymat — suv havzasining jozibadorligi pasayadi.
Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (WHO) va AQSH atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi (US EPA) ichimlik suvi uchun < 5 NTU ni tavsiya qiladi; ayrim rivojlangan davlatlarda talab 1 NTU dan past.
Masofaviy baholash uchun ishlatiladigan formula (Zhan va b., 2022):
Loyqalik (NTU) = 194.79 · (B05 · (B05/B02)) + 0.9061
| Qiymat (NTU) | Baho | Talqin |
|---|---|---|
| < 5 | Yaxshi | Ichimlik suvi sifatida yaroqli, tiniq ekotizim |
| 5–25 | O'rtacha | Kuzatuvni talab qiladi |
| > 25 | Yomon | Sezilarli loyqalik, sog'liq uchun va ekologik xavf |

Xaritada daryo o'zani qizil rangda ajralib turadi — bu oqim keltirgan cho'kindilar hisobiga loyqalikning yuqori qiymatlarini bildiradi.
Muallaq qattiq moddalar (TSS)
TSS (Total Suspended Solids) — suvda muallaq holatda turgan, o'lchami 2 mikrometrdan katta zarrachalar. Undan kichiklari standart filtrdan o'tib ketgani uchun odatda "erigan moddalar" qatoriga kiritiladi.
TSS tarkibiga noorganik materiallar (loy, qum, minerallar), organik moddalar (suv o'simliklari, bakteriyalar, parchalanayotgan qoldiqlar), shuningdek kimyoviy cho'kmalar va mikroplastik kiradi.
Yuqori TSS ning oqibatlari ikki yo'nalishda namoyon bo'ladi:
- Ekologik: yorug'lik chuqurlikka kirmaydi va fotosintez bo'g'iladi; zarrachalar issiqlikni yutib, suv haroratini ko'taradi va erigan kislorod (DO) miqdorini kamaytiradi; qatlamlanish kuchayadi, tub qatlamlarda kislorod kritik darajaga tushadi; zarrachalar baliq jabralariga tiqilib qoladi.
- Iqtisodiy: ichimlik suvi va sug'orish uchun tozalash xarajatlari ortadi, kanallar torayadi, cho'kindi to'planadi va transport yo'llari to'siladi.
Yuqori TSS ko'pincha qirg'oq eroziyasining tezlashganidan darak beradi.
Formula (Soria-Perpinyà, 2021):
TSS (mg/L) = 14.464 · (B07/B02) + 16.336
Validatsiya diapazoni — 20–78.82 mg/L, aniqlik R² = 0.77 (O'rta yer dengizi havzasidagi suv omborlari va ko'llardan olingan 11 ta namuna asosida).
CDOM — rangli parchalangan organik moddalar
Erigan organik modda (DOM) — suv muhitidagi eng yirik organik uglerod ombori. Uning miqdori havza bo'yidagi yer resurslariga (o'rmon, qishloq xo'jaligi yerlari) sezilarli bog'liq. DOM ikki fraksiyaga bo'linadi:
- Nogumik moddalar (ing. Non-humic substances) (uglevodlar, oqsillar, yog'lar, aminokislotalar) — past molekulyar massaga ega, mikroblar fermentlari tomonidan tez parchalanadi, shu bois konsentratsiyasi past.
- Gumik moddalar (ing. Humic substances) (gumik va fulvik kislotalar, gumin) — yuqori molekulyar og'irlikka ega, mikrobial parchalanishga chidamli, suvga sarg'ish-qoramtir rang beradi. Kolloid tuzilishi katta sirt maydoniga ega bo'lgani uchun metall ionlari va organik moddalarni adsorbsiyalaydi (ing. Adsorption).
CDOM (Chromophoric/Colored Dissolved Organic Matter) — DOM ning aynan shu yorug'lik yutuvchi, "rangli" bo'lagi. Tanninlar va boshqa pigmentlar hisobiga suvga choyrang tus beradi hamda UV va ko'k to'lqin uzunliklarida nurni kuchli yutadi. Uning floressensiya qiluvchi qismi — fDOM — ko'pincha masofadan o'lchashda proksi sifatida ishlatiladi.
Tarixiy jihatdan CDOM bo'yicha dastlabki optik tadqiqotlar 1912-yilda Boltiq dengizida boshlangan; "gelbstoff" ("sariq modda") atamasi ham o'sha yerda paydo bo'lgan.

Nima uchun CDOM ni nazorat qilish muhim:
- Yorug'lik chuqurlikka kam kiradi. Fotik zona sayozlashadi, fitoplankton va suv o'simliklarining fotosintezi sekinlashadi, birlamchi ishlab chiqarish kamayadi.
- Suv sathida issiqlik yutilishi ortadi. Rangli organik moddalar yorug'lik energiyasini suv molekulalariga qaraganda samaraliroq yutadi — sirt qatlamlari tezroq qiziydi, termal stratifikatsiya kuchayadi, tub qatlamlarda kislorod kamayadi.
- Metallarning bio-mavjudligi o'zgaradi. Kolloid tuzilish metallar va organik birikmalarni bog'laydi; ayrim toksik moddalarning bio-mavjudligi oshadi, boshqalariniki kamayadi.
- Ichimlik suvi xavfsizligi. CDOM xlor va boshqa dezinfektantlar bilan reaksiyaga kirib, kanserogen dezinfeksiya mahsulotlarini (DBP) hosil qilishi mumkin — shu sababli ichimlik suvi tizimlarida qat'iy nazorat qilinadi.
Platformamizda ishlatiladigan algoritm (Hooker va b., 2023):
a_CDOM(440 nm) [1/m] = 0.79 · (B04/B02)^1.51 − 0.05
Bu formula Pertusillo ko'li (Italiya) bo'yicha kalibrlangan, aniqligi R² = 0.82. E'tibor bering: u standart MAGO skriptidagi CDOM formulasidan farq qiladi va undan yangiroqdir.
| Qiymat (mg C/L) | Baho | Talqin |
|---|---|---|
| < 10 | Yaxshi | Tiniq, oligotrof suvlar |
| 10–30 | O'rtacha | Gumusli, o'rtacha organik yuklama |
| > 30 | Yomon | Organik ifloslanish yoki kuchli oqim |
Laboratoriyada natija ko'pincha "DOC ga ekvivalent CDOM" sifatida mg C/L ko'rinishida beriladi.

Interaktiv xarita bilan ishlash
Har bir indeks uchun alohida interaktiv xarita ishga tushirilgan:
| Indeks | Havola | Arxiv boshlanishi |
|---|---|---|
| Xlorofill-a | linkdata.uz/chlorophyll | 2019-01-01 |
| Loyqalik (NTU) | linkdata.uz/ntu | — |
| TSS | linkdata.uz/tss | — |
| CDOM | linkdata.uz/cdom | 2017-03-28 |
Ishlash tartibi barcha xaritalarda bir xil:
- Suvli hududga poligon chizing. Ilova suv sifatini ko'rsatishga mo'ljallangani bois, poligon albatta suv yuzasiga chizilishi kerak — quruqlikda natija hosil bo'lmaydi.
- Vaqt oralig'ini tanlang. Format: Yil-Oy-Kun. Agar kiritilgan sana xato bo'lsa yoki o'sha davr uchun ma'lumot mavjud bo'lmasa, ilova natija bermaydi.
- "Run analysis" tugmasini bosing. Ilova tanlangan hudud va davr bo'yicha mavjud Sentinel-2 tasvirlarini qayta ishlaydi.

- Yuqori chap burchakdagi belgilashni olib tashlang — poligon chegarasi yo'qoladi va natija xaritada aniqroq ko'rinadi.

- "Clear Map" tugmasi poligonni o'chiradi va boshqa hudud uchun tahlilni qaytadan boshlash imkonini beradi.
Xarita pastki o'ng burchagidagi rang shkalasi qiymatlar diapazonini ko'rsatadi — masalan, xlorofill-a uchun 0 dan 30 mg/m³ gacha.
Cheklovlar va ehtiyot choralar
Sun'iy yo'ldosh monitoringini taklif qilayotgan har qanday tomon uning chegaralarini ham shu qadar aniq aytishi kerak.
Sensor va kalibrlash. Har bir sun'iy yo'ldoshning spektral xususiyatlari, tasvir o'lchamlari va texnik parametrlari har xil. Turli missiyalar ma'lumotlari bilan ishlaganda sensor-spesifik kalibrlash koeffitsiyentlari qo'llanishi shart. CDOM signali kuchsiz bo'lgani uchun, tasvirdagi radiometrik shovqinlar xatolikni ko'paytirib yuboradi. Shuningdek, 20 metrlik aniqlikda ishlaydigan kanallar nisbati (band-ratio) algoritmlarida piksellarning o'zaro aralashib ketishi (bitta pikselga ham suv, ham qirg'oq elementlari tushishi) natijalarga salbiy ta'sir ko'rsatishini untmaslik kerak.
Ob-havo va optik qiyinchiliklar. Bulut, tuman, chang va tutun kabi ob-havo sharoitlari ko'k kanal signalini kuchli pasaytiradi — bu esa loyqalik va CDOM modellarida xatolikni keskin oshirib yuboradi. Kuchli shamol ham suv yuzasida to'lqinlar hosil qilib, yorug'likning qaytish tartibini buzadi. Quyosh pastda bo'lganida esa suv yuzasi xuddi ko'zgu kabi nurni to'g'ridan-to'g'ri sensorga qaytarib, tasvirni buzishi mumkin. Shu sababli, ma'lumotlarni tanlashda quyosh balandligi 25 darajadan katta ( > 25°) bo'lgan tasvirlarni olish tavsiya etiladi.
Indekslararo interferensiya. Suv loyqa bo'lgan yoki suvo'tlari ko'payib ketgan (suv gullagan) joylarda CDOM signali muallaq moddalar (TSS) va pigmentlar signali bilan aralashib ketadi va o'zaro xalaqit beradi. Bunday murakkab holatlarda, faqat standart kanallar bilan cheklanmay, ko'p kanalli (masalan, ko'k/qizil va yaqin infraqizil — NIR) algoritmlardan yoki suv rangini tahlil qiluvchi maxsus tayyor dasturiy modullardan foydalanish to'g'riroq bo'ladi.
Faqat sirt qatlami. Barcha indekslar suvning yuqori ~50 sm qatlamini tavsiflaydi. Qatlamlangan suv havzalarida undan pastda ko'p narsa yashirin qoladi.
TSS va NTU — bir xil narsa emas. TSS — suv ichidagi zarrachalarning aniq og'irligini (massasini, mg/L) ko'rsatadi. NTU esa suvning loyqaligini yorug'lik orqali o'lchaydigan optik ko'rsatkichdir. To'g'ri, ular bir-biriga bog'liq, ya'ni suvda modda ko'paysa, loyqalik ham ortadi. Biroq, bu bog'liqlik har doim ham bir xil nisbatda o'zgarmaydi. Shu sababli, tadqiqotlarda ularni adashtirib, birining o'rniga ikkinchisini ishlatib bo'lmaydi.
Joyida o'lchash majburiy. Sun'iy yo'ldoshdan olingan har qanday ko'rsatkich — bu joyida tekshirib ko'rilmaguncha shunchaki bir taxmindir. Shuning uchun olingan natijalarni doimo suv havzasining o'zidan olingan haqiqiy namunalar bilan solishtirish va tasdiqlash shart. Buning uchun quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
-
Laboratoriya sharoitida suv tarkibidagi CDOM ning yorug'likni yutish darajasini yoki undagi organik uglerod (DOC) miqdorini aniq o'lchash;
-
Maxsus fDOM sensorlari yordamida to'g'ridan-to'g'ri suv bo'yida tezkor tekshiruvlar o'tkazish;
-
Suvning fasllarga qarab o'zgarishini kuzatish uchun yil davomida kamida 4–6 marta borib, joyida o'lchov ishlarini bajarish.
Haqqoniy pozitsiya shunday-ki, masofaviy zondlash dala tadqiqotining o'rnini bosmaydi, uni kengaytiradi. To'g'ri joylashtirilgan bir necha namuna modelni kalibrlaydi, model esa butun suv yuzasini uzluksiz qamrab oladi. Dala dasturlari arzonlashadi, chunki qayerdan namuna olishni aniqroq biladi.
Xulosa
Xlorofill-a, sianobakteriyalar, loyqalik, muallaq qattiq moddalar va CDOM — bir-biri bilan bog'liq beshta ko'rsatkich. Ular birgalikda suv havzasining biologik faolligi, ifloslanish yuki va yorug'lik rejimi haqida yaxlit tasavvur beradi.
Aslida eng qimmatli narsa alohida olingan bitta xarita emas, balki yillar davomida to'plangan vaqtinchalik ma'lumotlar sirasidir (vaqt qatori). Ya'ni, bir xil suv havzasini, bir xil ko'rsatkichlar asosida va har safar osmon musaffo bo'lganida (sun'iy yo'ldosh uchib o'tganda) muttasil kuzatib borishdir. Aynan mana shu narsa shunchaki kuzatuvni haqiqiy boshqaruvga aylantiradi. Bu orqali suvning gullab bo'lganini shunchaki qayd etmay, balki uning endigina boshlanayotganini vaqtida payqash, ko'rilgan choralar samara bergan-bermaganini tekshirish hamda uzluksiz kuzatuvlarga asoslangan, ishonchli ekologik hisobotlar tayyorlash mumkin bo'ladi.
Markaziy Osiyoda bunday tadqiqotlar hozircha kam. Shu bois monitoringni ommalashtirish, laboratoriya o'lchovlari bilan kalibrlash va mintaqaviy ma'lumotlar bazasini yaratish zarur. Interaktiv xaritalar esa natijalarni mutaxassislar va qaror qabul qiluvchilarga sodda hamda vizual tarzda yetkazishga xizmat qiladi.
Ushbu maqola Link Earth markazi tomonidan tayyorlandi: shunday konveyerlarni qurish, ularni dala ma'lumotlari bilan validatsiya qilish va natijani suv bo'yicha qaror qabul qiluvchilarga yetkazish.
Foydalanilgan adabiyotlar
- Sòria-Perpinyà, X. va b. (2021). Validation of Water Quality Monitoring Algorithms for Sentinel-2 and Sentinel-3 in Mediterranean Inland Waters with In Situ Reflectance Data. Water, 13(5), 686. https://doi.org/10.3390/w13050686
- Hooker, S. B. va b. (2023). Improving CDOM retrievals by Sentinel-2 MSI. Remote Sensing, MDPI.
- Mishra, S. & Mishra, D. R. (2012). Normalized difference chlorophyll index (NDCI).
- Potes, M. va b. (2018). Fikosiyanin konsentratsiyasini baholash algoritmi.
- Zhan, va b. (2022). Loyqalik (NTU) algoritmi.
- Chen, J. va b. (2017). Remote estimation of CDOM with Sentinel-2. Applied Remote Sensing.
- ESA Technical Note (2022). CDOM algorithm development for global inland waters.
- University of Minnesota Water RS Portal — CDOM basics. https://water.rs.umn.edu
- Sentinel-2 hujjatlari. https://sentiwiki.copernicus.eu/web/sentinel-2
- MAGO Water Quality Monitoring Tool. https://custom-scripts.sentinel-hub.com/sentinel-2/mago_water_quality_monitoring_tool/
- WHO. Guidelines for drinking-water quality. https://www.who.int
- US EPA. Turbidity standards. https://www.epa.gov
- Fondriest Environmental, Inc. Turbidity, Total Suspended Solids and Water Clarity (2014); Chromophoric Dissolved Organic Matter (2017).




